Bemor: M., 52 yosh.
Shikoyatlar. O‘ng tomonda burun nafasining asta-sekin yomonlashuvi, vaqti-vaqti bilan qon aralash ajralma, hid bilishning pasayishi, o‘ng yuz sohasida to‘mtoq og‘riq, ko‘z yoshlanishi.
Kasallik anamnezi. Bemor taxminan 8 oydan beri kasal. Dastlab bir tomonlama burun bitishi paydo bo‘lgan. Keyinchalik kam miqdorda qon aralash ajralma kuzatilgan. So‘nggi 2 oy ichida o‘ng yuqori jag‘ bo‘shlig‘i sohasida og‘riq va bosim hissi kuchaygan. “Surunkali sinusit” tashxisi bilan davolangan, ammo sezilarli samara kuzatilmagan.
Hayot anamnezi. 25 yildan ortiq vaqt davomida chekuvchi. Mebel ishlab chiqarish korxonasida ishlaydi (yog‘och changi bilan kontakt). Allergologik anamnez og‘irlashtirilmagan.
Obyektiv holat. Umumiy holati qoniqarli. Tana harorati — 36,7 °C.
LOR-organlarni ko‘rikdan o‘tkazish.
Oldingi rinoskopiya: O‘ng burun bo‘shlig‘ida notekis, zich, bo‘rtib chiqqan hosila aniqlanadi, umumiy burun yo‘lini qisman to‘sib turadi. Tegilganda qonaydi.
Palpatsiya: O‘ng yuqori jag‘ bo‘shlig‘i proyeksiyasida og‘riqlilik aniqlanadi.
Qo‘shimcha tekshiruv
KT: O‘ng yuqori jag‘ bo‘shlig‘ida hajmli hosila va suyak devorining destruksiyasi.

Biopsiya: Yassi hujayrali rak.

Keysni tahlil qilish uchun savollar
Sizning dastlabki tashxisingiz qanday?
Burun va yondosh bo‘shliqlarning qaysi xavfsiz o‘smalarini bilasiz?
Qaysi xavfli o‘smalar ko‘proq uchraydi?
Xavfli jarayonning klinik belgilarini sanang.
Davolash taktikasi qanday?
Javoblar va yechim
Tashxis O‘ng yuqori jag‘ bo‘shlig‘ining xavfli o‘smalari (yassi hujayrali rak).
Xavfli jarayonning klinik belgiları: xavfli jarayon belgilariga bir tomonlama zararlanish, burundan qon aralash ajralma, og‘riq sindromi, nur diagnostikasida suyak devorlarining destruksiyasi, simptomlarning progressiv kuchayishi va o‘tkazilgan davolashga javob bermaslik kiradi.
Xavfsiz o‘smalar: papilloma, angioma, fibroma, osteoma, xondroma.
Xavfli o‘smalar: yassi hujayrali rak, adenokarsinoma, sarkoma, melanoma.
Davolash: jarrohlik aralashuvi, nur terapiyasi, kimyoterapiya (ko‘rsatma bo‘yicha).
Izohlar (0)
Hozircha izohlar yo‘q