Bemor: K., 38 yosh.
Shikoyatlar. Burun sohasida keskin og‘riq, tashqi burunning deformatsiyasi, burun orqali nafas olishning yaqqol qiyinlashuvi, burundan qon ketishi, burun yumshoq to‘qimalarining shishishi va og‘riqliligi, bosh og‘rig‘i.
Kasallik anamnezi. Jarohatni 2 soat oldin sport musobaqasi vaqtida yuzga zarba natijasida olgan. Jarohatdan so‘ng darhol kuchli burun qonashi, og‘riq va tez rivojlangan shish paydo bo‘lgan. Burun shaklining o‘zgarganini va burun orqali nafas ololmasligini qayd etadi. Tibbiy yordamga o‘z vaqtida murojaat qilmagan, sovuq qo‘llamagan.
Hayot anamnezi. Surunkali kasalliklarni inkor etadi. Oldin burun jarohatlari bo‘lmagan. Allergologik anamnez og‘irlashtirilmagan. Zararli odatlari yo‘q.
Obyektiv holat. Umumiy holati: o‘rtacha og‘ir. Hush: aniq. Tana harorati: 36,7 °C. Mahalliy holat: Burun sohasida yaqqol shish, teri osti qon quyilishlari, palpatsiyada og‘riqlilik aniqlanadi.
LOR-organlarni ko‘rikdan o‘tkazish
Tashqi ko‘rik. Tashqi burunning chap tomonga og‘ishi, burun qanotlarining assimetriyasi aniqlanadi. Palpatsiyada keskin og‘riq, suyak bo‘laklarining krepitatsiyasi va patologik harakatchanligi aniqlanadi.

Oldingi rinoskopiya. Burun bo‘shlig‘i shilliq qavati giperemiyalangan va shishgan. Burun yo‘llarida qon quyqalari mavjud. Burun yo‘llari keskin toraygan. Ko‘rik vaqtida burun to‘sig‘i gematomasi belgilari aniqlanmadi.
Orqa rinoskopiya: shish va og‘riq sababli qiyin.
Otoskopiya, faringoskopiya: patologik o‘zgarishlar aniqlanmadi.
Qo‘shimcha tekshiruvlar
Burun suyaklarining rentgenografiyasi (2 proyeksiyada) — burun suyaklarining yon tomonga siljish bilan sinishi
Yuz skeleti МSKT — ko‘rsatmalar bo‘yicha (qo‘shma jarohatni istisno qilish uchun)
Umumiy qon tahlili — o‘zgarishsiz
Keysni tahlil qilish uchun savollar
Sizning dastlabki tashxisingiz qanday?
Ushbu jarohatning qanday asoratlari bo‘lishi mumkin?
Shoshilinch yordam taktikasi qanday?
Burun suyaklari repozitsiyasi qaysi muddatlarda bajariladi?
Javoblar va yechim
Tashxis: Burun suyaklarining yon tomonga siljish bilan sinishi. Burunning yopiq jarohati.
Mumkin bo‘lgan asoratlar: burun to‘sig‘i gematomasi va abstsessi, tashqi burunning doimiy deformatsiyasi, surunkali burun orqali nafas olish buzilishi, qaytalanuvchi burun qonashlari, posttravmatik rinit va sinusit.
Davolash taktikasi. I. Shoshilinch yordam: burun qonashini to‘xtatish (oldingi tamponada), burun sohasiga sovuq qo‘yish, og‘riq qoldirish, burun to‘sig‘i gematomasi bor-yo‘qligini majburiy tekshirish.
II. Maxsus davolash: burun suyaklarining yopiq repozitsiyasi mahalliy yoki o‘tkazuvchi anesteziya ostida bajariladi, optimal muddat: jarohatdan keyingi 1–5 sutka (suyak kallusi hosil bo‘lishidan oldin). fiksatsiya – oldingi burun tamponadasi, tashqi gips yoki termoplastik bog‘lam.
Operatsiyadan keyingi olib boorish: antibakterial profilaktika — ko‘rsatmalar bo‘yicha, og‘riq qoldiruvchi terapiya, suyak bo‘laklari holatini nazorat qilish, lor-shifokor tomonidan dinamik kuzatuv
Xulosa. Burun suyaklarining yon tomonga siljish bilan sinishi yuz skeletining eng ko‘p uchraydigan jarohatlaridan biri bo‘lib, o‘z vaqtida tashxis va erta repozitsiya talab etadi. Kechiktirilgan davolash tashqi burunning doimiy deformatsiyasi va burun orqali nafas olishning surunkali buzilishiga olib keladi.
Izohlar (0)
Hozircha izohlar yo‘q